📈 Hukumatning 819-son qarori (https://lex.uz/docs/-7942768) bilan tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish sho‘basi, bo‘limi, boshqarmasi yoki xizmati tashkil etilganda, ular tarkibidagi bir nafar xodim mehnat gigienasi mutaxassisligi bo‘yicha oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lishi shart etib belgilandi.
➡️ Mazkur talabning joriy etilishi mehnatni muhofaza qilish tizimida formal yondashuvdan voz kechib, ish joyidagi xavflarni tibbiy-ilmiy asosda baholash va xodim salomatligini ishlab chiqarish manfaatlaridan ustun qo‘yish zarurati bilan bog‘liq.
🔍MAZKUR TALAB NIMA UCHUN KERAK❓
📌Ishlab chiqarish muhitidagi ko‘plab xavflar tashqi ko‘rinishi bilan emas, balki inson organizmiga uzoq muddatli ta’siri orqali namoyon bo‘ladi. Chang, kimyoviy moddalar, shovqin, vibratsiya, yuqori yoki past harorat, radiatsiya, biologik omillar — bularning barchasi kasb kasalliklariga olib kelishi mumkin.
✔️Bu kabi xavflarni to‘g‘ri baholash va oldini olish faqat texnik yoki ma’muriy bilim bilan emas, balki tibbiy-gigienik bilim va malaka bilan amalga oshiriladi. Shu sababli ham mehnatni muhofaza qilish xizmati tarkibida tibbiy ma’lumotga ega mutaxassis bo‘lishi mazkur qaror bilan mustahkamlandi.
➕MEHNAT GIGIENASI MUTAXASSISINING ASOSIY VAZIFALARI:
📌 ish joylaridagi zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini aniqlaydi va ularni tibbiy-gigiyenik me’yorlar asosida baholaydi;
📌ishlab chiqarish omillarining xodim salomatligiga ta’sirini qisqa, o‘rta va uzoq muddatli oqibatlar nuqtai nazaridan tahlil qiladi;
📌 dastlabki va davriy tibbiy ko‘riklarni tashkil etilishini muvofiqlashtiradi;
📌 kasb kasalliklarini barvaqt aniqlash va oldini olish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqadi;
📌 ish joylarini attestatsiya qilish jarayonlarida sanitariya-gigienik xulosalar beradi;
📌shaxsiy himoya vositalarining to‘g‘ri tanlanishi va qo‘llanilishini tibbiy jihatdan asoslaydi;
📌xodimlar uchun ish va dam olish rejimi, mikroklimat, yoritish va sanitariya sharoitlariga doir talablarga rioya etilishini nazorat qiladi;
📌mehnat sharoitlarini yaxshilash yuzasidan ish beruvchiga majburiy ahamiyatga ega bo‘lgan asoslangan takliflar kiritadi.
Mehnat gigienasi mutaxassisi — bu mehnatni muhofaza qilish tizimida xodim salomatligini himoya qiluvchi asosiy tibbiy bo‘g‘indir. Ushbu talabning joriy etilishi:
✔️ kasb kasalliklari xavfini kamaytirishga;
✔️ ishlab chiqarishdagi yashirin xavflarni o‘z vaqtida aniqlashga;
✔️ baxtsiz hodisalar va salomatlikka yetkaziladigan zarar oqibatlarini oldini olishga;
✔️ ish beruvchining huquqiy va ijtimoiy javobgarligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
⚡️ Sanepidqo'mita Axborot xizmati