Nukusda jamoat salomatligi favqulodda vaziyatlar operatsion markazi ochildi
Yangi markaz yuqumli kasalliklar tarqalishi va boshqa jamoat salomatligi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarga tezkor javob qaytarish, hududiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nukus shahrida Jamoat salomatligi favqulodda vaziyatlar operatsion markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur markaz O‘zbekistonning jamoat salomatligi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularga tezkor javob qaytarish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biridir.
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan AQSH hukumati moliyaviy ko‘magi hamda UNICEFning texnik yordami asosida, Global sog‘liqni saqlash xavfsizligi dasturi doirasida tashkil etildi.
Yangi operatsion markazning asosiy vazifasi salomatlikka oid xavf-xatarlarni erta aniqlash, mavjud vaziyatni monitoring qilish, tezkor qarorlar qabul qilish va mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishdan iborat. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda axborot almashinuvi va hamkorlik mexanizmlarini samarali yo‘lga qo‘yish ham markaz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Ochilish marosimida UNICEFning O‘zbekistondagi vakili Regina Mariya Kastilyo markazning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uning nafaqat infratuzilma, balki amaliy tayyorgarlik va hamkorlik maydoni ekanini ta’kidladi.
“Nukusdagi PHEOC shunchaki bino emas. U tayyorgarlik, muvofiqlashtirish va insonlar hayoti xavf ostida bo‘lgan vaziyatlarda ma’lumotlarni o‘z vaqtida amaliy harakatlarga aylantirish imkoniyatini ifodalaydi”, — dedi u.
Ta’kidlash joiz, 2026-yil aprel oyida Termiz shahrida ham shunday operatsion markaz ishga tushirilgan edi. Nukusdagi yangi markaz esa mamlakatda jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlarni boshqarishning o‘zaro bog‘langan tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida O‘zbekistonning 14 ta ma’muriy hududida shunday markazlardan iborat yagona milliy tarmoqni shakllantirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Bu uzoq muddatli tashabbus bo‘lib, uning amalga oshirilishi kelgusidagi tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlarga bog‘liq.
AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi missiyasi rahbarining o‘rinbosari Xezer Birns ham markazning sog‘liqni saqlash xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rniga e’tibor qaratdi.
“Ushbu markaz jamoat salomatligi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda tashkilotlar o‘rtasida real vaqt rejimida axborot almashish, tezkor rejalashtirish va muvofiqlashtirishni ta’minlashga xizmat qiladi”, — dedi Xezer Birns.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi hukumati, AQSH elchixonasi va UNICEF vakillari markazning muvofiqlashtirish mexanizmlari, faoliyatni ishga tushirish tartiblari hamda vaziyatni kuzatish elektron paneli bilan tanishdilar.
Shuningdek, markazning barqaror faoliyatini ta’minlash, malakali kadrlar tayyorlash, muntazam amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish va hududiy hamda milliy darajadagi vakolatli tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Botirjon Qurbonov markaz tashkil etilishi mamlakatning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish salohiyatini mustahkamlashini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, asosiy vazifa milliy va hududiy tashkilotlarni zarur infratuzilma bilan bir qatorda, salomatlikka oid tahdidlarni erta aniqlash, samarali muvofiqlashtirish va tezkor javob qaytarish imkoniyatlari bilan ham ta’minlashdan iborat.
Tadbirda, shuningdek, 2026-yil avgust oyida Turkiyaga amalga oshirilgan tajriba almashish tashrifi davomida o‘rganilgan tajribalar hamda markazlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Yangi markazning tashkil etilishi jamoat salomatligini muhofaza qilish tizimida tezkorlik, hamkorlik va amaliy tayyorgarlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.