Maktablarda o‘quvchilarni keytering usulida ovqatlantirish bo‘yicha o‘quv seminari tashkil etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi Nukus shahar bo‘limi tomonidan umumta’lim maktablarida o‘quvchilarni keytering usulida ovqatlantirishni to‘g‘ri tashkil etish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan o‘quv seminari o‘tkazildi.
Unda Nukus shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi boshlig‘i X.B. Eshimbetov va soha mutaxassislari, Nukus shahar maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli maktab direktorlari, hamshiralar va keytering usulida ovqat yetkazib beruvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Seminar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarni keytering usulida ovqatlantirish jarayonini samarali tashkil etish, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash, sanitariya-gigiyena me’yorlariga rioya qilish, shuningdek, ovqatlanish vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga bu borada belgilangan sanitariya talablari va ularning amaliyotdagi ahamiyati bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shunday o‘quv-tushuntirish tadbirlarining navbatdagisi Nukus shahridagi 54-sonli umumta’lim maktabida tashkil etildi.
Bunday seminarlar ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning salomatligini muhofaza qilish, ularni sifatli va xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlash, shuningdek, ovqatlanish jarayonida sanitariya qoidalariga rioya qilish madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.