Yangiliklar

2026-10-19

Tozalik va salomatlik: maktablarda bitlashning (pedikulyoz) oldi olinmoqda

topics-img

Bolalar salomatligini asrash, yuqumli va parazitar kasalliklarning oldini olishda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda Xo‘jayli tumanida maktab o‘quvchilari o‘rtasida pedikulyozning oldini olishga qaratilgan profilaktik tekshiruvlar olib borilmoqda.

Xo‘jayli tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi mutaxassislari tomonidan 2026-yilga mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq, tumandagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilar salomatligini nazorat qilish va pedikulyozni erta aniqlash bo‘yicha profilaktik tadbirlar tashkil etilmoqda.

Tekshiruvlar davomida o‘quvchilarning bosh terisi va sochlari bitlash belgilari mavjudligi yuzasidan ko‘zdan kechiriladi. Bu orqali pedikulyozni o‘z vaqtida aniqlash, uning boshqa bolalarga yuqish xavfini kamaytirish hamda zarur profilaktik choralarni ko‘rish ko‘zda tutilgan.

Tadbirlar doirasida o‘quvchilar va ota-onalarga shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sochlarni toza saqlash, shuningdek, taroq, sochiq va boshqa shaxsiy buyumlardan umumiy foydalanmaslik yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, pedikulyozning oldini olishda muntazam gigiyenik nazorat va ota-onalarning e’tibori muhim o‘rin tutadi. Bolalarda bitlash belgilari aniqlangan taqdirda, tegishli vositalardan yo‘riqnomaga muvofiq foydalanish va zarur hollarda tibbiyot mutaxassisiga murojaat qilish lozim.

Unutmang, bolalar salomatligini asrash oddiy gigiyena qoidalariga amal qilishdan boshlanadi. Maktab va oila hamkorligida olib boriladigan profilaktik tadbirlar bolalar uchun sog‘lom va xavfsiz muhitni ta’minlashga xizmat qiladi.