Yangiliklar

2026-10-20

Qoraqalpog‘istonda quturishga qarshi maxsus tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘quv kursi o‘tkazilmoqda

topics-img

Hayvonlar tishlashi natijasida jabrlangan insonlarga o‘z vaqtida va malakali tibbiy yordam ko‘rsatish quturish kasalligining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tibbiyot hamda sanitariya-epidemiologiya xodimlari uchun maxsus antirabik yordam ko‘rsatish bo‘yicha sayyor malaka oshirish kursi tashkil etilmoqda.

Joriy yilning 19–23-oktabr kunlari o‘tkazilayotgan o‘quv kursida hududiy davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat yuritayotgan epidemiolog shifokorlar, travmatologlar, jarrohlar va hamshiralar ishtirok etmoqda.

Mashg‘ulotlar davomida hayvonlar tishlashi natijasida jabrlangan bemorlarga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, jarohatlarga to‘g‘ri ishlov berish hamda maxsus antirabik yordamni belgilangan tartibda tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, antirabik vaksina va immunoglobulinlardan to‘g‘ri foydalanish, immunobiologik preparatlarni saqlashda sovuqlik zanjiri talablariga rioya etish, tibbiy hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar mustahkamlanmoqda.

O‘quv kursida veterinariya xizmatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda. Zero, hayvonlar orasida quturish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va tegishli choralarni ko‘rish kasallikning insonlarga yuqish xavfini kamaytirishda muhim o‘rin tutadi.

Mazkur malaka oshirish kursi tibbiyot xodimlarining kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, aholiga tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish hamda quturish kasalligining oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Eslatma: quturgan yoki quturishga shubhali hayvon tishlaganida, tirnaganida yoxud so‘lagi shikastlangan teri yoki shilliq qavatga tekkanida, jarohatni darhol sovun va oqar suv bilan yaxshilab yuvish hamda zudlik bilan tibbiyot muassasasiga murojaat qilish zarur. Quturishning oldini olishda tibbiy yordamni kechiktirmaslik nihoyatda muhim.

Sanepidqo‘mita Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Axborot xizmati