Qo‘ng‘irotda noqonuniy muzqaymoq savdosining oldi olindi
Yoz mavsumida oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa tez buziladigan mahsulotlarni saqlash va realizatsiya qilishda sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etish aholi salomatligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Qo‘ng‘irot tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi mutaxassislari tomonidan tumandagi savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalarida muntazam nazorat hamda profilaktik tadbirlar olib borilmoqda.
Navbatdagi nazorat tadbirlari davomida oziq-ovqatdan zaharlanish va o‘tkir ichak kasalliklarining oldini olishga qaratilgan reydlar tashkil etildi. O‘rganishlar jarayonida tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan, muzqaymoq mahsulotlarini sotish uchun zarur bo‘lgan sifat va xavfsizlikni tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan fuqaro tomonidan noqonuniy savdo amalga oshirilayotgani aniqlandi.
Aniqlangan holat yuzasidan amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq tegishli tartibda chora-tadbirlar ko‘rildi. Shuningdek, savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarga sanitariya qoidalariga rioya etish, mahsulotlarni belgilangan haroratda saqlash, tibbiy ko‘rikdan o‘tish hamda sifat sertifikatiga ega mahsulotlarni realizatsiya qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.