Qo‘ng‘irot tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘rganish ishlari olib borilmoqda
Qo‘ng‘irot tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni sog‘lom va sifatli ovqatlantirish, shuningdek, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
O‘rganishlar davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi ovqatlanish jarayoni, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va saqlanish sharoitlari, taom tayyorlash uchun mo‘ljallangan oshxonalarning sanitariya holati hamda xodimlar tomonidan belgilangan gigiyenik talablarga rioya etilishi ko‘zdan kechirilmoqda.
Shuningdek, bolalarga taqdim etilayotgan taomlarning belgilangan talablar asosida tayyorlanishi, oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqlilik muddati va saqlash shartlariga amal qilinishi kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘rganishlar davomida aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli tavsiyalar berilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda bolalar uchun xavfsiz va sifatli ovqatlanish sharoitlarini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.