Yangiliklar

2026-09-25

Kuz-qish mavsumlariga tayyorgarlik doirasida maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi

topics-img

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumini barqaror va betalofat o‘tkazish, energetika, kommunal hamda ijtimoiy soha obyektlarining uzluksiz faoliyatini ta’minlash maqsadida maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.

Mazkur amaliy mashg‘ulot poytaxtimiz Nukus shahrida o‘tkazilib, unda kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yirik avariyalarning oldini olish, ularning oqibatlarini tezkor bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlar namoyish etildi.

Mashg‘ulot davomida Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi boshqaruv organlari, tegishli xizmatlar, kuch va vositalarning o‘zaro hamkorligi hamda muvofiqlashtirilgan harakatlari sinovdan o‘tkazildi.

Shuningdek, favqulodda vaziyat yuzaga kelganda aholi xavfsizligini ta’minlash, qutqaruv ishlarini tezkor tashkil etish, mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan talafotlarning oldini olish bo‘yicha vazifalar amaliy tarzda bajarildi.

O‘quv mashg‘uloti kuz-qish mavsumini xavfsiz va barqaror o‘tkazishga tayyorgarlikni yanada kuchaytirish, tegishli xizmatlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish va favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.