Favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik kuchaytirilmoqda
Jamoat salomatligini muhofaza qilish, yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor va samarali harakat qilish sanitariya-epidemiologiya xizmatining ustuvor vazifalaridan biridir.
Shu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida yirik simulyativ o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Mashg‘ulotdan ko‘zlangan asosiy maqsad — sanitariya-epidemiologiya xizmatining turli favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini baholash, mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda ehtimoliy epidemiologik xavflarga tezkor javob qaytarish imkoniyatlarini yanada oshirishdan iborat.
Amaliy mashg‘ulot davomida vaziyatni tezkor baholash, mavjud xavflarni aniqlash, zarur choralarni belgilash, ma’lumotlarni o‘z vaqtida almashish hamda tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda harakat qilish bo‘yicha ko‘nikmalar sinovdan o‘tkazildi.
Bunday simulyativ mashg‘ulotlar real favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishidan avval mavjud imkoniyatlarni sinab ko‘rish, ehtimoliy kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish, shuningdek, mutaxassislarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish imkonini beradi.
JSST bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbir jamoat salomatligi xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish, sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislarining salohiyatini oshirish va favqulodda vaziyatlarga shaylikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.