OLIY QADRIYATIMIZ VA IFTIXORIMIZ...
Tilning rivojlanishi jamiyat hayoti, taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq va undagi o‘zgarishlar albatta tilda ham o‘z aksini ifoda etadi. Shu bois 1989-yilning 21-oktabr kuni ona tilimizga davlat tili maqomining berilishi – Mustaqillik sari qo‘yilgan ilk qadamlardan biri edi.
O‘tgan 36 yildirki, Vatanimizda o‘z tilimiz ardoqlanib, ulug‘lanmoqda. Xalqimizning o‘z tiliga, eliga bo‘lgan cheksiz muhabbati, ijodkorlik qudrati til masalalarida milliylik nuqtayi nazaridan qarashida namoyon bo‘ldi.
Mana bugun esa biz barkamol avlod oldida yorug‘ yuz bilan o‘z ona tilimizni yanada boyitishni, uning o‘rganilmagan qirralarini o‘rganishni ma’naviy meros holida ularga topshirmoqdamiz. O‘zlikni anglashning eng asosiy tomoni bu o‘z ona tiliga bo‘lgan e’tibordir. Tilini qadrlagan insonda milliy g‘urur bo‘ladi.
Bugungi kunda sohamizda mehnat qilayotgan har bir xodim bilishi lozim bo‘lgan jihat shuki, Ona tili shunchaki so‘zlashuv vositasi emas, balki Vatanga muhabbat, milliy iftixor, ajdodlarga hurmat va shuning barobarida avlodlarimizga izzat ramzi hamdir. O‘z tilini asrab-avaylagan xalq o‘zligini ham asrab-avaylagan bo‘ladi.
Ushbu sharafli yo‘lda sohamizdagi barcha ishchi xizmatchilarga sog‘lik-salomatlik, kuch-quvvat va birdamlik doimo hamroh bo‘lsin.
Doimo ona tilimiz qadri-qimmati yanada yuksalib, asrlar osha mayoq singari ma’naviy yo‘limizni porlatib tursin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz hamkasblar!
Bahodir YUSUPALIYEV,
Sanepidqo‘mita raisi
⚡️Sanepidqo'mita Axborot xizmati